“9-dekabr–Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” hamda aksilkorrupsiya oyligi doirasida vazirlik xodimlarini etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitish yuzasidan seminar o‘tkazildi
01/12/2022 - 16:18 2987
Vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” hamda aksilkorrupsiya oyligi doirasida 2022-yilning 28-noyabr kuni vazirlik xodimlarini etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish maqsadida vazirlik markaziy apparati xodimlari ishtirokida o‘quv seminari o‘tkazildi.

Sеminarda vazirlikning Mashinasozlik (uskunasozlik) va mudofaa sanoatini rivojlantirish boshqarmasi, Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti, Tashqi iqtisodiy faoliyatni tahlil qilish va prognozlash boshqarmasi, Ichki oziq-ovqat bozori barqarorligini ta’minlash, tahlil qilish va prognozlash boshqarmasi, Raqamli va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi, Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini va kommunal sohani rivojlantirish boshqarmasi, Inson kapitalini rivojlantirish departamenti, Hududlarni kompleks rivojlantirish departamenti, Yashirin iqtisodiyotni tahlil qilish boshqarmasi hamda vazirlik huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan o‘quv seminari davomida korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, jumladan, ularning mohiyati va ijrosi, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar toʻgʻrisida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va koʻrib chiqish hamda ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.
O‘quv seminarining birinchi qismi vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi vakili Sanakulov Faris tomonidan taqdimot ko‘rinishida olib borildi.
Shu bilan birga, mazkur o‘quv seminarining ikkinchi qismida Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Nabiyev Boburbek tomonidan seminar qatnashchilari o‘rtasida savol-javob ko‘rinishida o‘tkazildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati