Qo‘shma krelitlash tizimi (JCM) yuzasidan vebinar tashkil etildi
24/11/2022 - 10:33 1177
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida gibrid formatda qo‘shma kreditlash tizimi (JCM) yuzasidan vebinar tashkil etildi.

Seminarda Yaponiyaning AvantGarde Group, SDG Impact, Yokogawa Electric kompaniyalari va YETTB iqlimni moliyalashtirish va uglerod bozorlari bo‘yicha mutaxassisi hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.

Seminar davomida xorijiy kompaniyalar vakillari JCMning mohiyati, ishlab chiqarish korxonalariga beradigan afzalliklari, ushbu loyihalarga yo'naltirilgan investitsiyalar hajmi va investitsiya loyihalarini shakllantirish uchun zarur bo'lgan hujjatlar to'g'risida taqdimotlar o'tkazdilar. Ma'lumot uchun: 2023-yilda Yaponiya JCM doirasida chet elda amalga oshirilayotgan loyihalarga 350 million AQSh dollari ajratishni rejalashtirmoqda.

Xususan, taqdimotlar davomida Yaponiyaning qo‘shma kreditlash mexanizmi dasturi, ushbu sohadagi hamkorlikni amalga oshirish rejalari, JCM institutsional tuzilmalari faoliyati, shu jumladan Qo‘shma qo‘mita, moliyalashtirish vositalari, JCM doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlarni ishlab chiqish kabi mavzular muhokama qilindi.

Shu kabi loyihalarni amalga oshirish jarayonida olingan tajribadan samarali foydalanish, loyihalar uchun milliy infratuzilmani, shuningdek, JCM loyihalari portfelini shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.
Vebinar yakunida tomonlar ushbu sohada yanada hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati