“O‘zbekiston qurilish sohasidagi shartnomalarni Xalqaro injener-konsultantlar Federatsiyasi “FIDIC” standartlariga o‘tish masalalari”ga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

31/08/2022 - 21:30 3587

Joriy yilning 30-avgust kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev ishtirokida O‘zbekiston qurilish sohasidagi shartnomalarni Xalqaro injener-konsultantlar Federatsiyasi “FIDIC” standartlariga o‘tish masalalari”ga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Qurilish vazirliklari, Soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va “FIDIC” xalqaro injener-konsultantlar Federatsiyasi vakillari ishtirok etdilar.

Ushbu seminarning asosiy maqsadi O‘zbekistonda “FIDIC” xalqaro shartnomalarini qo‘llash tajribasi bilan tanishish bo‘ldi.

        Seminar davomida ishtirokchilar xalqaro shartnomalar bo‘yicha nizolarni hal qilishning muqobil usullari, Gruziya va Qozog‘iston kabi mamlakatlarda "FIDIC" xalqaro shartnomalarini qo‘llash tajribasi bilan batafsil tanishdilar.

Shuningdek, “FIDIC” kontrakt tizimining O‘zbekistondagi mavjud tizimlarga nisbatan asosiy afzalliklari va farqlari, shartnomalarni amaliyotga tatbiq etish jarayonida obyektlarni moliyalashtirish tartibi, “FIDIC” kontraktlari bo‘yicha o‘quv kurslarini oliy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturlariga kiritish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati