Respublikada “mahallabay” ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatining 2022-yil I yarim yilligida erishilgan natijalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi
21/07/2022 - 16:09 2959
Joriy yilning 20-iyul kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri boshchiligida respublikada “mahallabay” ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatining 2022-yil I yarim yilligida erishilgan natijalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi, Markaziy bank, tijorat banklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholiga uzoq yillik ijaraga berilgan ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi hamda joriy yilning yanvar-iyun oylarida hududlarda hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, aniqlangan masalalar hamda mavjud muammolarni muhokama qilishdan iborat.

Yig‘ilishda bugungi kunga qadar biriktirilgan mahallasida samarali ishlarni tashkil etgan holda katta ijobiy natijalarga erishgan 21 nafar hokim yordamchilari yuqori lavozimlarga tayinlangani qayd etildi.
Shuningdek, hokim yordamchilarining faoliyatida I yarim yillikda bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

Birinchidan, band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 1,4 mln nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi;
Xususan, 210 ming nafari doimiy ish joylariga joylashtirildi, 722 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 47 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka va 108 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 316 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer ajratildi.
Respublika bo‘yicha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan doimiy ish joylariga joylashtirish 27 mingta (115 foiz)ga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni 2,1 barobarga yoki 373 ming nafarga oshgan.

Ikkinchidan, hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 177 mingta loyihaga jami 4,4 trln so‘m imtiyozli kredit va 24 mingdan ortiq ishsizlarga 60 mlrd so‘m subsidiyalar ajratildi, 128 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi.
Natijada 49,9 mingta yuridik va 46,6 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, shuningdek, 4,2 mingta korxonalarning faoliyati kengaytirildi va kam quvvat bilan ishlayotgan 4,1 mingta korxonalarning quvvatlari tiklandi.
Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 25 mingdan ortiq “mahallabay” mikroloyihalarning 9,5 mingtasi ishga tushirilib, 47 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.
Uchinchidan, hokim yordamchilari faoliyatini yarim yillik natijalariga ko‘ra eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) 7 ta yo‘nalishlar va 5 ta tashabbuskorlik xislatlari bo‘yicha onlayn tarzda baholandi.
Shuningdek uchrashuvda, o‘zini o‘zi band qilishni kengaytirish, mahallabay ishlash tizimini yanada takomillashtirish, kredit va subsidiyalarni to‘g‘ri ajratib ularni maqsadli ishlatilishini ta’minlash, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni xonadonbay o‘rganib, bartaraf etishga asosiy urg‘u berildi.
Mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan hokim yordamchilari faoliyati samaradorligini yanada rivojlantirish hamda o‘zaro tajriba almashish maqsadida onlayn seminar-treninglar tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.
Shu bilan birga, yig‘ilish yakunida, II yarim yillikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan maqsad va vazifalar belgilab olindi. Jumladan, hududlarda fuqarolarga 10 yillik ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini o‘rganish, mahallada bo‘sh turgan bino-inshoot va yer maydonlarini aniqlab, auksion savdolarga chiqarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, mahallada va mahallalararo xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish bo‘yicha talabgorlarni aniqlash va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish kabi vazifalar belgilab olindi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati