O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

06/07/2022 - 18:19 3228

Joriy yilning 6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulovning Iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha Prezident maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxadjayev va Strategik rivojlanish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Rustamxon Azizov hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish orqali kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirishni ta’minlashdagi ustuvor masalalar muhokama etildi.

 

Xususan, davlat korxona va banklarining transformatsiyasi vа xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, hududlar master-rejalarining ishlab chiqilishi va ulardan islohotlarning joylarda amaliyligi va natijadorligini ta’minlash vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati