Hokim yordamchilari faoliyati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

10/06/2022 - 20:19 2763

Joriy yilning 9-iyun sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida respublikada mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyati, o‘tgan 5 oylik davr mobaynida erishilgan natijalar hamda olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

        Yig‘ilishda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev, vazir o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.

        Prezidentimiz tomonidan joriy etilgan “mahallabay” ishlash tizimi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalladagi mavjud muammolarni hal etishda barcha sohalar uchun eng maqbul yo‘l ekanligi o‘z isbotini topmoqda.

Yig‘ilishning asosiy maqsadi – so‘nggi 5 oy davomidagi hokim yordamchilari faoliyati natijalarini tahlil qilish, ishlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etilishini ta’minlash, yo‘lga qo‘yilgan kamchiliklarni bartaf etish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

        Yig‘ilish davomida hokim yordamchilarining asosiy faoliyat yo‘nalishini belgilab beruvchi mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “xonadonbay” o‘rganish, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish, subsidiyalar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishga ko‘maklashish, ishsizlarni, birinchi navbatda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan yoshlar va xotin-qizlarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish kabi asosiy vazifalaridan kelib chiqqan holda hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi muhokama qilindi.

Xususan, o‘tgan 5 oy davomida yangi tizim bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirildi.

Birinchidan, aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida 1,2 mln nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Ikkinchidan, jami 101 ming nafar fuqarolar shundan, 59 ming nafari kasb-hunarga va 41 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitish uchun yo‘naltirildi.

Uchinchidan, 79 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi, 11,3 mingta kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushirildi, 7 mingdan ortiq korxonalarning ish faoliyati tiklanishiga va kengaytirilishiga yordam ko‘rsatildi, yetakchi tadbirkorlar bilan hamkorlikda 25 mingta xonadonlarda kooperatsiya usulida ish tashkil etildi.

Hokim yordamchilari tomonidan mahallada talab yuqori bo‘lgan xizmat turlarini, xususan, hammom, sartaroshxona va go‘zallik saloni, savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish, maishiy texnikalarni taʼmirlash, atelye, sport maydonchalari kabi xizmat turlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xatlov yakunlariga ko‘ra 450 ta mahallalarda ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqoriligi aniqlangan bo‘lsa, hokim yordamchilarini xarakati bilan 211 ta mahallalarda ijobiy o‘zgarish bo‘lgan.

Hisobot davrida respublika bo‘yicha 132 mingdan ortiq oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun 3,3 trln so‘m imtiyozli kredit va 42 mlrd so‘m subsidiyalar ajratildi.

Bundan tashqari, aholiga auksion orqali yerlarni ijaraga berish maqsadida umumiy maydoni 78,9 ming gektar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlari 361,7 mingta lotlarga bo‘linib, elektron tanlov (auksion)ga chiqarildi.

Shu bilan birgalikda, yig‘ilish davomida kichik loyihalarni ishga tushirish, mikrozonalar tashkil qilish takliflari, xususiy tadbirkorlar paydo bo‘lishini rag‘batlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

        Kelgusida hokim yordamchilarining asosiy vazifalaridan kelib chiqqan holda oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida ajratiladigan kreditlardan to‘g‘ri yo‘nalishlarda foydalanish, mahallalarning drayver sohalaridan kelib chiqqan holda tadbirkorlik subyektlari sonini oshirish, yerlardan samarali foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish yuzasidan ishlarni tizimli va samarali tashkil etish, 5 oy davomida orttirilgan tajribalardan o‘z o‘rnida foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati