O‘zbekiston metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga qo‘shildi

26/05/2022 - 18:56 2784

BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha asosiy Konvensiyasi tomonlarining 26-sessiyasida Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbus (Global Methane Fledge) ilgari surildi.

Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbus unga qo‘shilgan a’zolarning 2030-yilgacha global metan emissiyasini 2020-yil darajasidan kamida 30 foizga kamaytirish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarga hissa qo‘shish uchun ixtiyoriy harakatlar qilishga roziligini bildiradi.

Metan atmosferada karbonat angidriddan keyin ikkinchi eng ko‘p tarqalgan modda bo‘lib, harorat ko‘tarilishida katta ta’sirga ega. Metan atmosferada karbonat angidridga qaraganda 80 baravar ko‘proq issiqlikni ushlab turadi.

Bugungi kunda ushbu tashabbusga 120 ga yaqin davlat qo‘shilgan bo‘lib, ular jahon iqtisodiyotining 70% va metan emissiyalarining yarmini tashkil etadi.

O‘z navbatida O‘zbekiston ham ushbu tashabbusga qo‘shilish orqali global isishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro saʼy-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shadi.

Bugun O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida O‘zbekistonning Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga qo‘shilishi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va metan emissiyalarini kamaytirish borasidagi tashabbuslar alohida qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi. Xususan, metan emissiyalarining iqlimga ta’sirini hisobga olgan holda, mamlakatimizning Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga qo‘shilishi muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mazkur tashabbusdan ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun mamlakatimizda xalqaro hamkorlar bilan yaqin hamkorlik asosida energetika, qattiq maishiy chiqindilar va agrobiznes tarmoqlariga e’tibor qaratilib, kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.

“O‘zbekistonda metan emissiyalariga qarshi maqsadli kurash ikki tomonlama ta’sirga ega. Bu Parij kelishuviga muvofiq iqtisodiy va ekologik foyda olish imkoniyati yo‘lidagi muhim qadamdir. O‘zbekiston uchun issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirish va milliy miqyosda belgilangan hissa qo‘shish ko‘rsatkichiga erishish - amalga oshirish imkoniyati yuqori hisoblanadi. Shunday ekan, bizning texnik va moliyaviy ko‘magimiz O‘zbekistonga 2030-yilgacha emissiyalarni samarali kamaytirishga yordam berishiga ishonaman”, - deydi YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirishning ijobiy natijalarini qayd etdi. O‘zbekistonning mazkur majburiyatga qo‘shilishi mamlakatga emissiyalarni kamaytirish maqsadlariga erishishda, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun “yashil” investitsiyalarini jalb qilishda katta imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.