Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari bilan uchrashuv

28/03/2022 - 10:39 3397

Joriy yilning 25-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Fransiya taraqqiyot agentligining Sharqiy departamenti direktori Filip Orlianj bilan uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov hamda Fransiya taraqqiyot agentligining mintaqaviy vakolatxonasi direktori Vinsent Kopin, Agentlikning Markaziy Osiyo va Armaniston bo‘yicha rahbari Aksel Nos, O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Antuan Chevaliyer va boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar, iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, xususan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uni rivojlantirish istiqbollari, chiqindi va zaharli gazlar emissiyasini kamaytirish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning makroiqtisodiy tahlillari, kambag‘allikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.

        Shuningdek, uchrashuvda tomonlar pandemiya davrida amalga oshirilgan iqtisodiy-ijtimoiy siyosat, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish mexanizmlarini shakllantirish, elektr quvvati bilan harakatlanadigan avtomobillar ishlab chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish yuzasidan fikr almashdilar.

        Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro aloqalarni kengaytirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

        

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

     Axborot xizmati