Shveysariya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv

09/03/2022 - 21:16 3218

Joriy yilning 7-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi Bosh direktori Patritsiya Dansi boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy, Shveysariya iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyatining bo‘lim boshlig‘i Dominik Paravichini, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining Yevrosiyo bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Ursula Laubli hamda Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining mas’ul vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar, ularning natijalari, kelgusida islohotlarni davom ettirish, asosiy yo‘nalishlar va rivojlanish istiqbollari, makroiqtisodiy barqarorlik, xalqaro moliya institutlari hamda xalqaro tashkilotlar, xususan, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlik aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, uchrashuvda inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot, inson kapitalini rivojlantirish, suv ta’minoti va infratuzilmani yaxshilash yuzasidan hamkorlikdagi loyihalarni shakllantirish, qishloq hududlarini rivojlantirish, hududlarda agregator tizimini qo‘llab-quvvatlash hamda raqobatbardoshlikni oshirish salohiyati masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati