Global “yashil” o‘sish instituti vakillari bilan uchrashuv
28/02/2022 - 18:26 3634
Joriy yilning 25-fevral sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Global “yashil” o‘sish instituti (Global Green Growth Institute – GGGI) xalqaro tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari Helaen MakLeod bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda GGGIning O‘zbekistondagi vakili Aron Rassel, “yashil” o‘sish va investitsiyalar siyosati bo‘yicha bosh mutaxassis Azizjon Rasulov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti direktori Utkirjon Xolbadalov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, mis klasterlari va elektromobillarni ishlab chiqarish imkoniyatlari, energiya samaradorligi loyihalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida “yashil” o‘sish tamoyillarini davlat dasturlariga tatbiq qilish hamda iqlim o‘zgarishi jarayonlarini va issiqxona gazi tashlanmalari darajasini kamaytirishda tashkilotning tajribasi, shuningdek, mamlakatda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga o‘tishni jadallashtirish, aylanma iqtisodiyotni kengaytirishda innovatsion yondashuvlardan foydalanish, xususiy sektorning “yashil” loyihalarni amalga oshirish borasida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Xususan, “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida inklyusiv hududiy rivojlanishni rejalashtirish hamda bu borada pilot loyilahalarni amalga oshirish borasida hamkorlikdagi ishlarni yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati