Xorijiy mamlakatlar va O‘zbekistonda metan tashlanmasini qisqartirish masalalari yuzasidan onlayn uchrashuv
27/01/2022 - 19:29 3543
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda metan tashlanmasini qisqartirish yuzasidan xorijiy tajribani va ushbu masala bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning mumkin bo‘lgan mexanizmlarini ko‘rib chiqish hamda muhokama qilish bo‘yicha onlayn tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zgidromet, O‘zneftgazinspeksiya, “Hududgazta’minot”, “O‘zximprom”, “O‘ztransgaz” va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlari hamda YTTB vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti direktori U. Xolbadalov kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda vazirlikning YTTB bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlari va imzolangan memorandum doirasida rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2019–2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasini "yashil" iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-son qarorida aks ettirilgan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralari bilan chambarchas bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Onlayn tadbir davomida YTTB vakili Kristian Karrareto turli mamlakatlarda, xususan, 4 ta tadqiqot, xalqaro standartlardan foydalangan holda investitsion rejalashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish asosida loyiha va investitsiya dasturlarini tayyorlash hamda YTTBning Parij bitimi doirasida moliyalashtirishi kabi jihatlarni o‘zida aks ettirgan Ukraina va Qozog‘istonda metan tashlanmasini nazorat qilish dasturlarini ishlab chiqishda YTTBning tajribasi haqida ma’lumot berdi.

Bundan tashqari, gaz infratuzilmasida metan chiqindilari muammosi va ishlab chiqarish, tashish, saqlash, butun hudud bo‘ylab tarqatish bilan bog‘liq iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ushbu sohadagi ma’lumotlarni yaxshilash uchun maxsus investitsiya dasturini yaratish va metan darajasini o‘lchaydigan texnologiyalardan foydalanish zarurligiga qaratildi.
Mazkur tadbir YTTB eksperti Yunus Burxonning nutqi bilan davom ettirilib, u O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi vaziyatga asoslangan holda turli tarmoqlar bo‘yicha metan tashlanmasini o‘zgartirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish mohiyatini batafsil tushuntirib berdi.

Tavsiya etilgan dastur quyidagi tadbirlarga asoslanganligi qayd etildi:
- metan tashlanmasi bilan bog‘liq mavjud amaliyot va jarayonlarni o‘rganish, metan zichligi ma’lumotlarini tahlil qilish, maqsadli omillarni batafsil baholash, maqsadli obyektlar ro‘yxatini aniqlash,
- yer va havo texnologiyasidan foydalangan holda asosiy o‘lchov loyihalarini amalga oshirish, maqsadli obyektlardan metan tashlanmasini miqdoriy baholash, texnik-iqtisodiy tahlil qilish, oqibatlarni potentsial yumshatish imkoniyatlarini aniqlash va ularning salohiyati bo‘yicha loyihalarni tartibga solish;
- metan emissiyasini o‘lchash ma’lumotlarining aniqligini oshirish, metan tashlanma registrini joriy etish va davriy hisobot berish tartiblarini qo‘llash;
- iqtisodiyot tarmoqlarida metan tashlanmasi siyosatini takomillashtirish va tartibga solish masalalari bo‘yicha bir qator suhbatlar o‘tkazish, shuningdek, metan tashlanmasini kamaytirish uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqish;
- metanni o‘lchashga ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash va o‘qitishni ta’minlash.
Bundan tashqari, qattiq maishiy chiqindilar, oqova suvlarni tozalash, qishloq xo‘jaligi chiqindilari sohalarida metan tashlanmasi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tadbir vazirlik, idora va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan savol-javoblar orqali muhokama bilan yakunlandi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati