Hokim yordamchilari faoliyati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
18/01/2022 - 14:07 3883
Joriy yilning 17-yanvar sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida Toshkent shahrida hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qutbiyev hamda mas’ul vakillar ishtirok etdilar.

Yig‘ilish avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor davomida berilgan topshiriqlar hamda unda belgilangan asosiy vazifalar, xususan, Toshkent shahrida hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etishda hududlar o‘rtasidagi farqli jihatlarga e’tibor qaratib o‘tish lozim ekanligiga to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida hokim yordamchilarining asosiy faoliyat yo‘nalishini belgilab beruvchi mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “xonadonbay” o‘rganish, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish, subsidiyalar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishga ko‘maklashish, ishsizlarni, birinchi navbatda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlar va xotin-qizlarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish kabi asosiy vazifalari eslatib o‘tildi hamda ushbu vazifalar asosida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda shahar hududlarida, xususan, Toshkent shahrida yuqoridagi vazifalardan kelib chiqqan holda alohida yondashuv zarur ekanligi, aholini kasb-hunarga o‘rgatish, axborot texnologiyalaridan foydalanish borasidagi bilimlarini oshirish, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda yuqoridagi masalalar yuzasidan hokim o‘rinbosarlari, hokim yordamchilari va ularga biriktirilgan mas’ul vakillarning takliflari o‘rganildi hamda ushbu yo‘nalishda samarali faoliyatni tashkil etish, hamkorlikda ish olib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati