Jahon banki vakillari bilan uchrashuv
13/11/2021 - 21:54 4028
Joriy yilning 12-noyabr sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov texnik masalalar bo‘yicha katta maslahatchi, yer va geofazoviy masalalar bo‘yicha global yetakchi Vael Zakut boshchiligidagi Jahon banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Yer islohotlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Mohir Shagazatov, Qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo'limi boshlig‘i Igor Chuykin va Qishloq xo‘jaligida yer munosabatlarini isloh qilish bo'limi boshlig‘i Yodgorbek Jo‘rayevlar hamda Jahon banki loyiha menejeri va yer resurslarini boshqarish bo'yicha bosh mutaxassis Nadej Orlova va Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Rahimjan Assangaziyev ishtirok etdilar.

Kun tartibidan “Ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida yerni kompleks boshqarish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish masalalari o‘rin oldi.
Uchrashuvda respublikadagi yer munosabatlarining bugungi holatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, institutsional rivojlanish va yer munosabatlarining huquqiy asoslarini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Jahon bankining yer siyosati masalalari bo‘yicha bo‘lajak tahliliy ishi doirasida hukumatning o'zaro hamkorligi va qo‘llab-quvvatlashi masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, joriy va istiqboldagi loyihalarda o‘zaro yordam ko‘rsatishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati