Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari bilan videokonferensiya orqali uchrashuv

10/08/2021 - 22:33 4138

Joriy yilning 9-avgust sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov Fransiya taraqqiyot agentligi loyihalar boshqaruvchisi Kom Desheri bilan videokonferensiya orqali uchrashuv o‘tkazdilar.

      Shuningdek, uchrashuvda Fransiya taraqqiyot agentligining Toshkentdagi vakolatxonasi direktori Vinsent Kyupen va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi ma’sul department vakillari ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida, tomonlar “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va bu borada shakllantirilayotgan loyihalar, “yashil taraqqiyot” uchun to‘siqlar, faol texnologik yordam, subsidiyalar ajratish siyosati bo‘yicha islohotlar, bojxona siyosati, soliq siyosati, davlat xaridlari, Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun chiqariladigan obligatsiyalar, davlat kreditlash siyosati dasturi yuzasidan fikr almashdilar.

        Bundan tashqari, Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari “yashil iqtisodiyot”da davlat kreditlash siyosati dasturini tayyorlash bo‘yicha takliflari, undagi mavjud “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish tamoyillari, “yashil byudjet”, “yashil bojxona” siyosati, barqaror xaridlar, taklif etilayotgan dastur konsepsiyasi, uning tuzilishi bilan tanishtirib o‘tdilar.

        Uchrashuv so‘nggida, tomonlar navbatdagi uchrashuvlar davomida bu jarayonlarni yanada chuqur muhokama qilish hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida kelishib oldilar.

 

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati