Qirg‘iziston Respublikasi rasmiy delegatsiyasi bilan uchrashuv

18/07/2021 - 23:29 4386

Joriy yilning 15-iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Xalqaro konferensiya doirasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari - Iqtisodiyot va moliya vaziri Аqilbek Japarov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya bilan uchrashdi.

        Uchrashuvda, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusov, O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzaev, O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘iziston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Xurshid Mirzohidov va vazirlikning tegishli idoralari vakillari ishtirok etishdi.

        Muhokama uchun asosiy mavzular iqtisodiyotning turli sohalaridagi uzoq muddatli hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari bo‘ldi. Mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy siyosat, kambag‘allikni qisqartirish masalalari, soliq islohotlari va boshqa mavzular to‘g‘risida ma'lumot berildi.

        Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, texnik to‘siqlarni kamaytirish, tahlil va prognozlash, soliq va bojxona operatsiyalarini raqamlashtirish sohasida ikki mamlakat vazirliklari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish kabi muhokama qilindi. Shuningdek, boshqa sohalarda ham hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari alohida muhokama qilindi.  

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro savdo, shuningdek, soliq va bojxona sohalaridagi to‘siqlarni bartaraf etish, makroiqtisodiy prognozlash sohasida o‘zaro tajriba almashish, tahlil qilish va qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari mutaxassislari ishtirokida qo‘shma ishchi guruhini tuzishga kelishib oldilar.  

         Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati