Chelyabinsk viloyati delegatsiyasi bilan uchrashuv

09/04/2021 - 17:20 4350

Joriy yilning 5-aprel kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligida Chelyabinsk viloyati gubernatorining oʻrinbosari Yegor Kovalchuk boshchiligidagi Chelyabinsk viloyati (Rossiya) delegatsiyasi bilan “INNOPROM – Oʻzbekistonda katta sanoat haftaligi” Xalqaro sanoat koʻrgazmasida ishtirok etish masalalari yuzasidan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining hududlari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

Delegatsiya rahbari Chelyabinsk viloyati va Oʻzbekiston oʻrtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi 2020 yilda 400 million dollardan oshgani va bu Chelyabinsk viloyatining barcha tashqi hamkorlari orasida Oʻzbekiston uchinchi oʻrinda ekanligini qayd etib oʻtdi.

Chelyabinsk viloyati bugungi kunda Namangan, Samarqand, Jizzax, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahri bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasi ishlab chiqmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Chelyabinsk viloyatining sanoatga ixtisoslashuvini hisobga olgan holda, o'zbek tomoni Toshkent viloyati bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish yuzasidan taklif bilan chiqdi.

Yegor Kovalchuk O'zbekiston va Chelyabinsk viloyati ishbilarmon doiralari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdi. Ikki tomonlama tadbirlarda yuzma-yuz va onlayn formatda ishtirok etish biznes aloqalarni yo'lga qo'yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O'z navbatida, O'zbekiston tomoni Rossiya delegatsiyasiga ikki mamlakat o'rtasidagi ikkinchi mintaqalararo forumga tayyorgarlik, shuningdek, MDH sanoat kooperatsiyasi forumiga tayyorgarlik ko'rish haqida ma'lumot berib, Chelyabinsk viloyatini ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif qildi.

Muhokamaning yana bir muhim yo'nalishi-maxsus sanoat zonalarini tashkil etish masalasi. Tomonlar Chelyabinsk viloyatida ham, O'zbekistonda ham sanoat zonalarini boshqarish siyosatiga katta qiziqish bildirdilar.

Uchrashuv yakunida gubernator o'rinbosari vazirlik rahbariyatini Chelyabinsk viloyatida bo'lib o'tishi rejalashtirilayotgan ShHT mintaqa rahbarlari forumida ishtirok etish uchun taklif qildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati