Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Xalqaro valyuta fondi vakillari bilan uchrashuv
09/04/2021 - 17:08 4301
Joriy yilning 2-aprel kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Xalqaro valyuta fondi vakillari o‘rtasida video-konferens-aloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Davlat statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalov, Davlat statistika qo'mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Dilshod Xolmurodov hamda Xalqaro valyuta fondi vakillari tomonidan Statistika bo‘yicha Мissiya rahbari — Statistika boshqarmasi maslahatchisi Artak Arutyunyan, O‘zbekistonda 4-modda bo‘yicha missiya rahbari Ron Van Ruden va boshqa mutaxassislar ishtirok etishdi.
Uchrashuvni Jamshid Qo‘chqorov ochib berdi va Xalqaro valyuta fondi vakillariga bergan jamoaviy yordamlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Uchrashuvda Statistika bo‘yicha ko‘p tarmoqli diagnostika missiyasi natijalari muhokama qilindi. Missiya yakunlari bo‘yicha to‘liq hisobot tayyorlangan bo‘lib, unda Xalaqaro valyuta fondi vakillari tomonidan texnik tavsiyalar berildi.

Video-konferensiya davomida Artak Arutyunyan Maʼlumotlarni tarqatishning maxsus standarti bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilganini ma’lum qildi va ushbu ishda o‘z hissasini qo‘shib kelgan jamoa vakillarini tanishtirib o‘tdi. Shu o‘rinda Artak Arutyunyan Missiyada keltirilgan deyarli barcha sohalarda so‘nggi bir necha yil davomida o‘sish kuzatilganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini ta’kidlab, o‘zaro minnatdorchilik bildirdilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati