Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi bilan uchrashuv

01/04/2021 - 09:53 4951

Joriy yilning 29-mart kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi o‘rtasida video konferens-aloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vazirining o‘rinbosarlari Axadbek Xaydarov va Odilbek Isakov, Markaziy bank raisi o'rinbosari Bexzod Xamrayev hamda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi vakillari Erik Arispe va Eugene Chiam ishtirok etishdi. 

Uchrashuv savol-javob tariqasida bolib o‘tdi va tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarini ozaro muhokama qilishdi.

Uchrashuvda, Jamshid Qo‘chqorov fiskal (moliyaviy) stimulyatsiya, xususiylashtirish, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, davlat korxonalarini isloh qilish va boshqa bir qator rejalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.  

Video konferensiya davomida joriy yilning iqtisodiy prognozlari va o‘tgan yilning statistik ma’lumotlariga alohida e’tibor berilib, Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.

 “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldilar va uchrashuv yakunida tomonlar davom etib kelayotgan hamkorlik uchun o‘zaro minnatdorchilik bildirdilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati