Iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta'minlash

02/08/2018 - 09:31 25730

2018-yil 1-yanvardan boshlab monopolist korxonalar tomonidan 27 turdagi yuqori likvidli mahsulotlarni bozor mexanizmlari asosida birja savdolari orqali sotishning yangi tartibini joriy etilishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning xom ashyo resurslariga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmoqda va birja savdolarida ushbu mahsulotlar narxlarining barqarorligini ta'minlash yuzasidan choralar ko‘rilmoqda. 

Joriy yilning I yarim yillik yakunlari bo‘yicha birja savdolarida bo‘yicha bitimlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 barobarga oshdi. O‘zRTXBdagi bitimlarda yuqori likvidli mahsulotlarning ulushi 15,5 foizga ortib, 71,6 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida birja savdolari natijalariga ko‘ra, (1 tonna) sement o‘rtacha - 562,0 ming so‘mdan, qora metallar prokati - 5 723,8 ming so‘mdan, bug‘doy uni - 967,9 ming so‘mdan, paxta yog‘i - 7 796,3 ming so‘mdan, avtomobil benzini AI-80 - 5 098,6 ming so‘mdan realizatsiya qilindi.

Yuqori likvidli mahsulotlarning birja savdolari orqali sotilishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan mineral o‘g‘itlarda - 10,9 marta, dizel yoqilg‘isi - 8,5 marta, qora metallar prokati - 4,2 marta, paxti momig‘i - 3,0 marta hamda sement - 24,1 foizga yuqori o‘sish sur'atlari qayd etildi. 

Birja savdolari orqali realizatsiya qilingan yuqori likvidli mahsulotlarning tarkibiy tuzilmasida kimyo va neftekimyo sanoati mahsulotlarining ulushi 25,2 foizni, qurilish materiallari 22,3 foizni, agrosanoat kompleksi mahsulotlari 22,1 foizni, qora va rangli metallar 14,7 foizni, yoqilg‘i energetika sanoati mahsulotlari 10,4 foizni, va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari 5,4 foizni tashkil etdi.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati