PRESS-RELIZ

04/08/2017 - 16:30 12385

Qoraqalpog‘iston Respublikasi yangi taraqqiyot bosqichida: hududiy islohotlarning amalga oshirish jarayonlari

2017 yil, 4 avgust, Nukus shahri

Bugun O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davr talabiga aylanib bormoqda. Shu ma'noda mamlakaatimiz hududlarida, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini, maqsadlarini, erishilayotgan natijalarini doimiy ravishda xalq ommasiga, keng jamoatchilikka yoritib borish dolzarb vazifalardan sanaladi. 

Iqtisodiyot vazirligi tomonidan bugungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi yangi taraqiyot bosqichida: hududiy islohotlarning amalga oshirish jarayonlari” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanining o‘tkazilishi aynan shu talablarning  amaliy ijrosidir.

Davlatimiz rahbari hamda Hukumatimiz tomonidan joriy yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi turmush darajasini yuksaltirish, mavjud ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni, ayniqsa, hududlar taraqqiyotidagi nomutanosibliklarini bartaraf etishga qaratilgan o‘ta dolzarb qarorlar qabul qilinmoqda. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 yanvardagi «2017-2021 yillarda Orol bo‘yi mintaqasini rivojlantirish dasturi» to‘g‘risidagi 2731-sonli qaroriga ko‘ra, aholi salomatligini tiklash va muhofaza qilish, ekologik muammolarni yumshatish, muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini qurish, shu bilan birga, Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy tumanlarida sanoat sohasida (avtomobillarga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalaridan tashqari) yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalarni soliq to‘lovlaridan ozod qilish ko‘zda tutilganini e'tirof etish mumkin.

Joriy yilda qabul qilingan «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2803-sonli qarorida  umumiy qiymati  52,3 mlrd.so‘m, shundan 990 ming dollarlik chet el investitsiyasi hisobiga 72 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va buning natijasida 1343 ta doimiy ish o‘rinlarini yaratish, 12 ta bo‘sh turgan ob'yektlarni “nol” qiymatida tadbirkorlarga berish, 20 gektar maydonda tashkil etilgan kichik sanoat zonasidagi sanoat korxonalari va xususiy tadbirkorlarni 10 yil soliqlardan ozod qilish, shu bilan birga, tuman turizm salohiyatini oshirish chora-tadbirlarining belgilanishi ham mazkur tumanning har tomonlama rivojlanishiga zamin yaratadi.  

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-2018 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 111-sonli qaroriga muvofiq, umumiy qiymati 1240,0 mlrd. so‘m va 38,2 mln dollarlik investitsiyalarni jalb qilish hisobidan 2262 ta loyihalarni amalga oshirish va 15809 ta ish o‘rinlarini yaratish belgilangan. Bunda, jumladan, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 26 ta, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 30 ta, qurilish materiallari sanoatida 136 ta, to‘qimachilik va tikuvchilik sohasida 45 ta yirik loyihalarning amalga oshirilishi Qoraqalpog‘iston hududida mavjud qishloq xo‘jaligi va tabiiy xom-ashyolarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish imkonini beradi. 

Shuningdek, Xo‘jayli tumani hamda Nukus shaharlarida qiymati 77 mlrd.so‘mdan ortiq investitsiyalarni jalb etish xisobidan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash bo‘yicha zamonaviy logistika markazlarini tashkil etilishi ham hududning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu yuqoridagi dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida kelgusi ikki yilda: aholi daromadlarini 1,6 marotabaga; sanoat maxsulotlari hajmini 1,5 marotabaga;  xizmat ko‘rsatish hajmini 1,5 marotabaga; qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 1,3 marotabaga oshish imkoniyati yuzaga keladi.

Shunday qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2017-2018 yillarda ko‘zda tutilgan rivojlantirish dasturlarida belgilangan chora-tadbirlar respublika hududlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni keskin kamaytirib, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilab, aholi bandiligi darajasini oshirib, umumijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta'minlaydi.