Imkoniyatlar samarasi
12/05/2016 - 15:35 65805
Mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida fermer xo‘jaliklariga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jizzax viloyatida keyingi ikki yilda bog‘ maydonlari 5 ming gektarga kengaytirilib, 14 ming 90 gektarga, tokzor 5 ming 670, sabzavot maydonlari 16 ming 880 gektarga yetkazildi. Bog‘lar asosan tabiiy iqlim sharoiti qulay bo‘lgan Baxmal, G‘allaorol, Jizzax, Zomin, Forish, Yangiobod kabi tog‘oldi tumanlarida barpo etilmoqda. Ushbu hududlarda o‘tgan yili kuzda va shu yil erta bahorida intensiv agrotexnologiyalarga asoslangan 352 gektar bog‘ va 374 gektar tokzor barpo etildi.
Ayni paytda eski tokzor va bog‘larni rekonstruksiya qilish, qator oralariga ishlov berish, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda viloyatda meva yetishtirishni 112 ming, kartoshka va sabzavot mahsulotlarini 501 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. 2016-yil uchun tuzilgan dasturda belgilangan tadbirlar asosida o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida 2 ming 450 gektardan ziyod maydonga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilgan edi. Buning samarasida bugun viloyatdagi barcha bozorlar yangi sabzavotlar bilan ta’minlandi. Bundan atigi 4-5-yil avval ham mamlakatimizning janubiy hududlaridan keltirilgan ertagi meva-sabzavotning barcha turlari endi viloyatning o‘zida yetishtirilmoqda.
– Dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda hududning tabiiy iqlim, tuproq sharoiti hisobga olinayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i Abdug‘ani Ilashev. – Shu maqsadda iqlimi nisbatan salqin bo‘lgan Baxmal, Zomin, G‘allaorol, Yangiobod tumanlarida g‘alla maydonlari kamaytirilib, meva-sabzavotchilik rivojlantirilayotgani yaxshi samara bermoqda. Bu tumanlarda pakana va yarim pakana mevali bog‘lar yaratish, ayniqsa, samarali ekanini sohibkorlar erishayotgan dastlabki natijalar ham ko‘rsatmoqda.
Baxmal tumani ekologik toza meva yetishtirish uchun g‘oyat qulay hudud. Joriy yilning birinchi choragida viloyatdan xorijga eksport qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi ushbu tuman hissasiga to‘g‘ri keldi.
Tumanda tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga muvofiq boshoqli don ekinlari ekib kelingan 1 ming 800 gektar maydon 2020-yilgacha to‘liq meva-sabzavot va uzum yetishtirish uchun ajratiladi.
– Tog‘ etaklari bog‘dorchilik uchun juda qulay, – deydi tumandagi “G‘ofurbek Sultonov” fermer xo‘jaligi rahbari Abdurahmon Tojiboyev. – Ayniqsa, danakli meva daraxtlari yaxshi hosil beradi. Ikki yil avval 17 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos olmazor yaratdik. O‘tgan yili bog‘ning uch gektari hosilga kirib, yaxshi daromad berdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan fermer va dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa egalari meva, uzum, sabzavot, poliz va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirib, elimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlamoqda. Bu oilalarning daromadini ko‘paytirish barobarida, yangi ish o‘rinlari yaratish, eng muhimi, aholi farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.